Bugun Respublikada 59 ta Oliy ta'lim muassasalari (OTM) hamda ularning 9 ta filiali mavjud. Bundan tashqari, O'zbekistonda xorijiy OTMlarining 6 ta filiali faoliyat olib boradi. Oliy ta'lim muassasasiga kirish uchun o'tkaziladigan test tanlovida oliy ta'lim olishni xohlovchi akademik lisey, kollej, maktab bitiruvchilari qatnashishlari mumkin. Oliy ta'limda davlat granti va to'lov-shartnoma tizimi asosida o'qitiladi. OTMlariga hujjatlar har yili 20 iyundan 20 iyulgacha qabul qilinadi. OTMga qabul tanlov asosida 1 avgustda o'tkaziladigan test sinovlari natijasiga ko'ra amalga oshiriladi. Abiturientlar 3 ta fan bo'yicha savollarga javob beradilar. Ta'limning maxsus yo'nalishlarida ijodiy imtihon ham topshiriladi.
Har yili mazkur test sinovlarida qatnashish uchun minglab abiturientlar mamlakatimizning OTMlariga ariza topshiradilar. Davlat Test Markazi (DTM) tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko'ra bu yil mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan beri ushbu son 385 645 tani tashkil etdi. Prezident tomonidan tasdiqlangan qarorga muvofiq bu yilgi kvota da 385,6 mingta hujjat topshirgan abiturientlardan 56,6 mingtasi birinchi kurs talabasi bo'lish baxtiga musharraf bo'ldilar. Shulardan 19,7 mingtasi davlat granti, 36,8 mingtasi shartnoma asosida tahsil olmoqda. Bu yil magistratura kurslariga 5856 ta talaba qabul qilinib, 1561 tasi grant, 4295 tasi to'lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda.
Barcha OTMlari va ularning yo'nalishlarining kvotalari haqidagi ma'lumotlar doimiy ravishda «Qabul rejasi» bo'limida e'lon qilib boriladi.
DTS tomonidan keltirilgan ma'lumotga ko'ra bu yilgi tanlovda Respublika miqyosida bir o'ringa yetti odam to'g'ri kelgan. O'tgan yili bir o'ringa 6 ta odam to'g'ri kelgandi.
11,3 ming o'rin imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga ajratilgan. Imtiyozlar haqidagi ma'lumotlar bilan quyidagi hukumat qarorlari bilan tanishib chiqqach batafsil bilib olasiz: Vazirlar Mahkamasining №227-sonli qarori, Xalq ta'limi hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim Vazirliklarining №249/130 va №412/151 sonli qarorlari.
“Abiturient” bo'limi oliy o'quv yurtiga kirish jarayonida abiturientlar uchun foydali yo'llanma bo'la oladi. Bo'limning“Abiturientga eslatma” qismida Oliy o'quv yurtlariga yo'nalishlar bo'yicha hujjat topshirish jarayoni bilan tanishasiz.
Test vaqtidagi talablar bo'limida kirish testlari jarayoni, kerakli hujjatlar va javoblar varaqasi ularni to'ldirish tartibi haqidagi ma'lumotlarga ega bo'lasiz. Ma'lumotlar videolavha va matn ko'rinishida berilgan.
Bundan tashqari, foydalanuvchi kerakli ma'lumotlar bilan qisqa muddatda tanishishi, kerakli adabiyotlarni o'ziga yuklab olishi, ta'lim kurslari, xorijiy oliygohlar va ulardagi ta'lim tizimi haqidagi batafsil ma'lumotlarga ega bo'lishi mumkin.
Barcha ma'lumotlar rasmiy manbalardan olingan bo'lib, haqqoniydir.