Barot Isroil


Barot Isroil o'z ijodini 70 yillardan boshlaydi. Shoirning ilk kitobi "Boychechak" 1972 yilda O'zbekiston xalq shoiri Mirtemirning so'zboshisi va muharrirligida nashr etiladi. Barot Isroil Respublikamizning "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan

Tarjimai hol

Qo'shiqchi shoir Barot Isroil 1938 yilda Toshkent viloyatining O'rta Chirchiq tumanida dehqon oilasida dunyoga keladi. Uning bolaligi ikkinchi jahon urushining mashaqqatlari davriga to'g'ri keladi.
Bu haqda shoir "Qo'g'irmoch" she'rida shunday xotirlaydi: "Kaftim to'lsa qo'g'irmochga, yarim ko'nglim to'lar edi. Do'ppim to'lsa qo'g'irmochga, deya orzu qilar edim". Dastlabki bilimni o'sha yerdagi to'liqsiz o'rta maktabda, so'ng Urtasaroy qishlog'ida o'rta ma'lumot oladi.
1960 yilda Barot Isroil Toshkent Davlat pedagogika institutiga o'qishga kiradi.
Yosh shoirning ilk "Imtihon" nomli she'ri 1956 yili maktabda e'lon qilinadi.
U 1966 yilda institutni tugatgach, "Lenin uchquni" (hozirgi "Tong yulduzi") gazetasiga adabiy xodim bo'lib ishga kiradi. Shundan keyin ijodkor iqtidorining yana bir qirrasi, ya'ni bolalar uchun ham she'r yozish qobiliyati namoyon bo'ladi. Barot Isroil o'qish va ishlash jarayonida M.Shayxzoda, Mirtemir kabi ulug'lar e'tiboriga tushadi. Mirtemir bo'lg'usi shoirni she'riyatning mashaqqatli sir-asroridan ogoh etib, "Oq yo'l" beradi.
Barot Isroil 1970 yilda O'zbekiston teleradiokompaniyasiga ishga taklif qilinadi. U yerda samarali ijod qilib, el-yurtga manzur qo'shiqlar yaratadi.

Shoirning ilk kitobi "Boychechak" 1972 yilda O'zbekiston xalq shoiri Mirtemirning so'zboshisi va muharrirligida nashr etiladi. Shundan so'ng "Nay navosi" (1976), "Oq bulut" (1979), "Oqoltin" (1980), "Bahor" (1982), "Subhidam" (1985), "Shirin kulcha" (1989), "Nastarin" (1992), "Mehrigiyoh" (1994), "To'ytepaga to'yga keling" (1997), "Alisherning shirin tili" (1998) singari kitoblari nashr etildi.
Bolalar uchun yozilgan "Er va sher" dostoni asosida kompozitor Avaz Mansurov "Hayvonlar sultoni" nomli opera yozgan, uni taniqli rejissyor Firuddin Safarov sahnalashtirgan.
Qalamkashning bobokalonimiz Alisher Navoiyning go'daklik davrini aks ettiruvchi "Alisherning shirin tili" dostoni asosida tayyorlangan radioinssenirovka O'zbekiston radiosining oltin fondidan o'rin olgan. Barot Isroil Respublikamizning "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.